Administrator

Administrator

Joriy yilning 4 iyul kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti “Turizm menejmenti” fakulteti “Tillar” kafedrasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda “Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik” ixtisosligi bo‘yicha ilmiy faoliyat olib borayotgan mustaqil izlanuvchi Ablakulova Iroda Kamolidinovnaning tugallangan tadqiqot ishi muhokama etildi.

Muhokamada Ablakulova Iroda Kamolidinovnaning “XX asr o‘zbek romanlarining inglizcha tarjimalarida milliylikning ifodalanishi” mavzusida filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlagan dissertatsiya va avtoreferati professor-o‘qituvchilar tomonidan tahlil qilindi.

Yig‘ilish ishtirokchilarining qaroriga ko‘ra, I.K.Ablakulovaning dissertatsiya va avtoreferati O‘zbekiston Respublikasi Oliy Attestatsiyasi Komissiyasining so‘nggi talablari asosida yozilgan ilmiy tadqiqot ishi sifatida baholandi va Samarqand davlat chet tillar instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.03/30.12.2019.Fil/Ped.83.01 raqamli Ilmiy kengash qoshidagi ilmiy seminarga tavsiya etildi.

Dushanba, 03 Iyul 2023 18:39

E’lon!

Hurmatli universitetimiz professor-o‘qituvchilari, xodimlari, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalari!

Joriy yilning 4-iyul kuni Samarqand Turizm markazining “Ayvon” majmuasida soat 17:00 da  bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tashkil topganligining 5-yilligi hamda joriy o‘quv yilida oliygohni bitirayotgan talabalar uchun bitiruv kechasi o‘tkaziladi.

Shu munosobat bilan universitetimiz professor-o‘qituvchilari, xodimlari, bitiruvchilar hamda ularning ota-onalarini ushbu tadbirga lutfan taklif qilamiz!

 Hurmat bilan,

universitet ma’muriyati!

Dushanba, 03 Iyul 2023 15:59

E’lon!

2023-yil 6-iyul kuni Samarqand shahridagi San’at galereyasida (Art Station) “Ichki ufq: Ella Mayar suratlarida 1930-yillardagi O‘zbekiston” ko‘rgazmasining ochilish marosimi tashkil qilinib, unda shveysariyalik sayohatchi, sportchi, fotograf va yozuvchi Ella Mayarning Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston, Xitoy, Turkiyaga qilgan sayohati davоmida olgan fotosur’atlari namoyish qilinadi.  

Ayni paytda Ella Mayarning bir biridan qiziqarli bo‘lgan fotosuratlarga ega arxivi Shvesariyaning Lozannada shahridagi Elisey fotografiya muzeyida saqlanadi. Samarqanddagi “Ichki ufq” ko‘rgazmasida Elisey fotografiya muzeyi tomonidan taqdim etilgan raqamli dublikat fotosuratlar namoyish etiladi.

Tashkilotchilar: Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti, Shvetsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Lozannadagi Elisey fotografiya muzeyi (Photo Elysée: Musée cantonal pour la photographie), “Ella Mayar do‘stlari uyushmasi” va xonim Annelisa Xollmann. Kurator Dona Kulmatova.

2023-yil 6-iyul kuni soat 18:00 da ochiladi, kirish bepul.

Ko‘rgazma 2023-yil 8-oktabrgacha davom etadi.

Manzil: “Art Station by Silk Road University” – Samarqand shahar, Beruniy ko‘chasi 1 uy. Mo‘ljal; Samarqand Temiryo‘l vokzali

2023-yil 21-iyun kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi Samarkand turizm va madaniy meros texnikumi bilan Qozog‘iston respublikasining Olmota servis xizmat ko‘rsatish kolleji “Oshpazlik ishi” va “Qandolatchilik ishi” yo‘nalish o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta’limi ustalari o‘rtasida “O‘rta Osiyo professional ta’lim pedagoglari” nomli xalqaro pedagogik mahorat tanlovi o‘tkazildi. Samarqand turizm va madaniy meros texnikumida onlayn formatda o‘tkazilgan tanlovda jami 4 nafar o‘qituvchi va 2 nafar ishlab chiqarish ta’limi ustasi ishtirok etdi. Xalqaro tanlov natijalariga ko‘ra “Qandolatchilik ishi” yo‘nalishi bo‘yicha texnikum o‘qituvchisi M.G‘afarova
1-darajali, “Oshpazlik ishi” yo‘nalishi bo‘yicha D.Qurbanova 3-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Tanlovda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi S.Qurbanova hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etdi.

Payshanba, 22 Iyun 2023 11:08

Turizm rivojida ijodiy iqtisodiyot

         Joriy yilning 22-iyun kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan “Turizm va ijodiy iqtisodiyotga e'tibor qarating” mavzuida xalqaro kongress o‘tkazildi. Anjumanda Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov onlayn ishtirok etib, bugungi kunda sohani rivojlantirishda amalga oshirilishi lozim bo‘ladigan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi va kongress ishiga omad tiladi.

Ma’lumki, keyingi yillarda Prezidentimizning sohani rivojlantirish maqsadida qabul qilgan qator farmon va qarorlari natijasida soha yanada yuksalib, xorijlik turistlarning yurtimizga bo‘lgan qiziqishi oshib bormoqda. Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘z olib, bugungi kunda qator rivojlangan davlatlar fuqarolarining Samarqandga kelishi bir munchaga oshganligi, buning natijasida transport, mehmonxona, gastronomik kabi xizmat ko‘rsatish sohalarida iqtisodiy yuksalish yuz berayotganligini gapirdi. Xalqaro kongressda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor, o‘qituvchilari ham o‘zlarining bir biridan qiziqarli bo‘lgan ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

Chorshanba, 21 Iyun 2023 20:44

DIQQAT E’LON!

Samarqand shahrida joylashgan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari kunduzgi ta’lim shakliga ro‘yxatdan o‘tish istagida bo‘lgan abituriyentlar diqqatiga!

Universitetning kunduzgi ta’lim shakliga ro‘yxatdan o‘tishda Sizdan ingliz tili bo‘yicha milliy yoki xalqaro til bilish sertifikati talab qilinadi.

Eslatma: Abituriyentlar ushbu my.uzbmb.uz sayt orqali ro‘yxatdan o‘tishda ingliz tili bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatini yuklashi shart, aks holda abiturient ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Qozog‘iston respublikasi hukumati Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar shu jumladan O‘zbekiston fuqarolariga Qozog‘iston oliy ta’lim muasassalarida o‘qish uchun yiliga 100 ta ta’lim granti ajratganligini ma’lum qiladi. Shu munosabat bilan Qozog‘iston oliy ta’lim muasassalarida o‘qish istagida bo‘lgan abiturentlar taklif qilinadi. Batafsil ma’lumotni Qozog‘iston fan va oliy ta’lim vazirligi huzuridagi oliy ta’limni rivojlantirish milliy markazining rasmiy saytidan olish mumkin.

https://enic-kazakhstan.edu.kz/ru/en/stipendialnye-programmy/operativnaya-informaciya  

       Talabgor bo‘lgan abiturentlar o‘z hujjatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqorida ko‘rsatilgan internet manzil orqali topshirishlari mumkin. Muddat 2023-yil 30-iyun.   

Joriy yilning 20-24-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi hamda “Mehmondo‘stlik va servis maktabi” nodavlat ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda turizm, mehmonxona, umumiy ovqatlanish va madaniy meros sohalarida faoliyat yuritayotgan professional ta’lim muassasalari o‘qituvchi-pedagoglari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kurslari Toshkent shahrida o‘z ishini boshladi.

Mazkur malaka oshirish kurslarida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti huzuridagi kollej va texnikumlarning maxsus fan o‘qituvchilari ishtirok etib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishmoqda.

Chorshanba, 21 Iyun 2023 09:27

Bugungi faol yoshlar ertamiz egalari

Joriy yilning 20-iyun kuni respublika Yoshlar Ittifoqi raisi Temurbek Poyonov “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti zalida Samarqanddagi oliy ta’lim muasassalari yoshlar yetakchilari, koordinatorlari va faol yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvni universitet bo‘lim boshlig‘i Nargiza Abduvohidova olib bordi. Tadbirda so‘z olgan  respublika Yoshlar Ittifoqi raisi Temurbek Poyonov keyingi yillarda Prezidentiimz tashabbusi bilan yoshlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik xususida gapirdi. Bundan tashqari mutasaddi Samarqanddagi oliy ta’lim muasassalarida bir necha kunlik o‘tkazilgan o‘rganishlarini tahlil qilib, ayrim oliygoh yetakchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berish bilan birga, xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan yetakchilarga ham o‘z e’tirozlarini bildirdi. Tadbirda O‘zbekiston-Finlandiya instituti va Sharof Rashidov nomidagi Samarqand Davlat universiteti koordinatorlari tomonidan qator taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlandi. Respublika Yoshlar Ittifoqi raisi Temurbek Poyonov bugungi kunda tizimni yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘ladigan kreativ takliflar uchun zarur mablag‘ ham to‘lab berilishini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek uchrashuv so‘ngida yoshlar tomonidan berilgan savollarga javob qaytardi.

Shu kunlarda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining 300 nafar  bitiruvchilari bakalavrlik diplom ishini himoya qilishayapti. Diplom himoyasi jarayonlarida oliygohdagi kafedralardan professor, o‘qituvchilar ishtirok etib, talabalarning bilim darajasini sinovdan o‘tkazayapti. Ahamiyatlisi, himoya jarayonlari talabalar tomonidan to‘liq ingliz tilida amalga oshirilayapti. Turizm menejmenti fakultetining “Ommaviy tadbirlarni boshqarish” yo‘nalishi bitiruvchisi Bahora Quvondiqovaning diplom ishi “O‘zbekistonda ziyorat turizmi va uning ahamiyati” mavzuida bo‘lib, unda mamlakatimiz dunyoda eng xavfsiz davlatlardan biri ekanligi va bu jarayonda xorijlik turistlarni ko‘proq jalb qilish masalasi ko‘tarildi. Bahora ushbu diplom ishini magistratura bosqichida ham davom ettirishni maqsad qilgan. Bitiruvchilarning diplom ishini himoya qilish jarayonlari davom etmoqda.

4 dan 149 sahifa

Aloqalar

140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17

Ijtimoiy tarmoqlar