Joriy yilning 8-noyabr kuni universitetimiz rahbariyati va kasaba uyushmalari boshlang‘ich tashkiloti tomonidan 11-noyabr Kasaba uyushmalari xodimlari kuni bayrami keng nishonlandi. Dastlab bayram munosabati bilan oliygohimiz professor-o‘qituvchilari va xodimlari o‘rtasida sportning mini futbol, shaxmat-shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi. Musobaqa murosasiz bellashuvlar ostida o‘tdi. Ayniqsa mini futbol bo‘yicha o‘tgan bellashuvda universitetimizning Ofis registrator bo‘limi jamoasiga 1-o‘rin, Rektorat jamoasi 2-o‘rin va 3-o‘rin Buxalteriya jamoasiga nasib qildi. Shuningdek, sportning qolgan turlari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlab olindi.
Bayram munosabati bilan universitetimiz faollar zalida sport musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Tadbirda so‘z olgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyat Kengashi raisi Suxrob Rafikov barcha ishtirokchilarini bayram bilan qizg‘in qutlab, bugungi kunda kasaba uyushmalari sohasida olib borilayotgan ishlar xususida gapirdi. Shundan so‘ng tadbirning asosiy qismi sport musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda ishtirokchilari va g‘oliblariga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Samarqand viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi huzuridagi Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi o‘quvchilari, joriy yilning 9-noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida bo‘lishdi. Tashrif davomida o‘quvchilar Turk Dunyosiga oid milliy-kiyimlar galereyasi, kutubxona va sport to‘garaklari faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.
Tashrif davomida, Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktabi va universitet o‘rtasida o‘quvchilar uchun psixologik, korreksion-pedagogik yordam va o‘quvchilarni ijtimoiy sohadagi moslashuvini tashkillashtirishda amaliy yordam berishga kelishilib olindi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida 08.00.17- “Turizm va mehmonxona faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha malakaviy imtihon uchun hujjat topshirgan talabgorlar uchun imtihon jarayonlari joriy yilning 28-noyabr kuni soat 14:30da universitet binosi 108-xonada tashkil etiladi.
Talabgorlardan imtihon boshlanadigan vaqtdan yarim soat oldin malakaviy imtihon o‘tkaziladigan joyga o‘zlarining shaxslarini tasdiqlovchi hujjat (passport) hamda tadqiqotchilarning dissertatsiya avtoreferatlari bilan birgalikda kelishlari so‘raladi.
Dastur
Joriy yilning 7-noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga Slovakiyaning xalqaro aloqalarni rivojlantirish instituti Prezidenti boshchiligidagi delegatsiya a’zolari tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet prorektori J.Hoffman kutib oldi. Oliygohning Yoshlar bilan mahallabay ishlash va tadbirlar bo‘limi boshlig‘i N.Abduvaxidova mehmonlarga bugungi kunda universitetda turizm sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlab berish borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimiz Yevropadagi ko‘plab davlatlar bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Buning natijasida davlatlar o‘rtasida ilm-fan, turizm kabi sohalarda qator amaliy ishlarga qo‘l urilib kelinayapti. Mehmonlarga universitetimizdagi Turk Dunyosiga oid milliy liboslar galeriyasi, talabalar uchun turizm sohasidagi laboratoriyalar bilan yaqindan tanishtirildi. Shuningdek delegatsiya a’zolariga oliygohimizdagi kutubxona va undagi kitoblar, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar juda katta tassurot qoldirdi.
Delegatsiya rahbari tomonidan universitetimiz kutubxonasiga turli adabiyotlarni tuhfa qilindi.
Joriy yilning 6-noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Yoshlar bilan mahallabay ishlash va tadbirlar bo‘limi va tyutorlar tomonidan birinchi va ikkinchi bosqich talabalari uchun “Talaba-yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ular tomonidan huquqbuzarliklar va jinoyatlarning sodir etilishini oldini olish” mavzusida profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda so‘z olgan oliygohning Yoshlar bilan mahallabay ishlash va tadbirlar bo‘limi boshlig‘i Nargiza Abduvaxidova bugungi kunda talabalarning ta’lim olishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotganiga qaramay ayrim talaba yoshlar tomonidan huquqbuzarliklar va jinoyatlar sodir etilayotganligi xususida gapirib bu borada joylarda targ‘ibot ishlarining yetarli darajada olib borilmayotganligi, huquqiy savodxonlikning pastligida ekanligini ta’kidladi.
Sir emaski, bugungi kunda yurtimizdagi OTMda ta’lim-tarbiya olayotgan ayrim talabalar tomonidan turli darajadagi huquqbuzarlik, o‘g‘rilik, aldov yo‘li bilan o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish kabi salbiy holatlar sodir etilmoqda.
Targ‘ibot tadbirida talabalar tomonidan sodir etiladigan turli huquqbuzarlik va jinoyatlarga, yo‘l harakati qoidalariga buysunmaslik xolatlariga belgilanadigan jazo turlari xususida to‘liq tushunchalar berib o‘tildi. Shuningdek tadbirda talaba-yoshlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, izzat, diniy bag‘rikenglik tushunchalarini shakllantirish kabilar xususida aytib o‘tildi va yoshlar ogohlikka chaqirildi.
Joriy yilning 6-noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish hamda yoshlar tomonidan o‘qigan kitoblaridagi voqeliklarni tengdoshlariga so‘zlab berish maqsadida Yoshlar Kengashi tomonidan “Kitob Almashinuvi 2023” loyihasi boshlandi.
Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad, yoshlar tomonidan o‘qilgan kitoblarni tengdoshlariga gapirib berish orqali ilmiy va intellektual bilimlarini mustahkamlashdan iborat. Bundan tashqari kitoblar muhokamasi chet tilida olib borilib, yoshlarda notiqlik san’atini rivojlantirishga harakat qilindi. Yoshlar o‘zlari o‘qib tugatgan kitoblarini tengdoshlari bilan almashib, kitob haqida fikrlari bilan bo‘lishishdi.
Joriy yilning 6-noyabr kuni universitetimizga Turkiyalik bir guruh taniqli professorlar oliygohimizga keldi. Mehmonlarni universitet Birinchi prorektori, prof. J.Eltazarov kutib oldi va qadimiy va navqiron Samarqandga tashrifi bilan qutladi. Ma’lumki, bugungi kunda universitetimiz dunyodagi xususan Turkiyadagi qator nufuzli universitetlar bilan ilm-fan, akademik talaba almashish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini o‘rtangan. O‘zaro muloqot davomida ushbu hamkоrlik aloqalarini yanada yaxshilash, turizm sohasida mutaxassislar tayyorlashda Turkiya tajribasini ommalashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan turizm, madaniy meros, til, adabiyot va falsafa sohasida yaratilgan kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Tillar” kafedrasi professori J.Eltazarovning “We learn Uzbek” o‘quv qo‘llanmasi, “Yaponcha-o‘zbekcha-inglizcha so‘zlashgich” kitobi, kafedra dotsenti T.Sultanovning “Turistlar uchun o‘zbekcha-inglizcha rasmli izohli lug‘at” kitobi, shuningdek, “Tarix va madaniy meros” kafedrasi professori K.Mustayevning “Global Literature” nomli darsligi, kafedra dotsenti M.Sidikovaning “Samarqand shahar madaniyatining rivojlanish tarixi” o‘quv qo‘llanmasi, PhD O.Boynazarovning “Kreativ tafakkur va informatsion madaniyat dialektikasi” monografiyasi haqida mualliflar tomonidan kitobxonlarga keng ma’lumot berildi.
Taqdimotda universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Professor R.Hoffmann, bo‘lim boshliqlari, xalqaro talabalar, Yaponiya Xalqaro universiteti, SamDU Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti va filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari ishtirok etishdi.
Tadbir yakunida mualliflar tomonidan ishtirokchilarga kitoblar hadya qilindi.
Joriy yilning 3-noyabr kuni Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi Aurelia Bushez xonim tashrif buyurdi. Mehmonni universitet prorektori J.Xoffman kutib oldi. Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kun sayin yuksalib bormoqda. Kuni kecha yurtimizga xususan Samarqandga Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning tashrifi ham ushbu fikrimizga yaqqol misol bo‘la oladi.
Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi Aurelia Bushez xonim universitetimizda turizm sohasiga malakali mutaxassislar tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek mehmon yaqinda foydalanishga topshirilgan Xalqaro Turizm Akademiyasida talabalarning sohani chuqur o‘rganishlari uchun yaratilgan xalqaro darajadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Akademiya binosidagi talaba yoshlar uchun yaratilgan barcha shart-sharoit va imkoniyatlar mehmonda juda katta taassurot qoldirdi. “Ipak yo‘li” tematik ofisining qaytadan restavratsiya qilinib foydalanishga topshirilganligi Fransiyaning favqulodda va muxtor elchisi Aurelia Bushezni hayratga soldi.
2023-yil 4-noyabr kuni soat 9:00 da va 11:00 da (universitet binosi 108-xona) “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti qoshidagi iqtisodiyot fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi DSc.33/01.02.2022.I.145.01 raqamli Ilmiy Kengash huzuridagi Ilmiy seminarda:
1. “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti mustaqil izlanuvchisi To‘xtamishov Aziz Qahramonovichning 08.00.17 – “Turizm va mehmonxona faoliyati” (iqtisodiyot fanlari) ixtisosligi bo‘yicha “Klaster yondashuvi asosida turizm sohasining innovatsion rivojlanishi” mavzusidagi kafedralararo falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi muhokamasi;
2. Termiz davlat universiteti mustaqil izlanuvchisi Alimardonova Zebuniso Mamarajabovnaning 08.00.17 – “Turizm va mehmonxona faoliyati” (iqtisodiyot fanlari) ixtisosligi bo‘yicha “Surxondaryo viloyatining turizm resurslaridan samarali foydalanish mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusidagi falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalari muhokamasi bo‘lib o‘tadi.
140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17
dummy+99866 240-67-68
dummy info@univ-silkroad.uz