Joriy yilning 2-iyun kuni “The Luxaviation Group” aviakompaniyasi bosh direktori Patrik Xansen, biznesni rivojlantirish va loyihalar bo‘yicha direktori Natalya Sutugina, shuningdek, “Luxaviation Helicopters” aviakompaniyasining biznesni rivojlantirish boʻyicha direktori Abduaziz Nugʻmonovlar boshchiligidagi delegatsiya “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.
Faxriy mehmonlarni universitetning birinchi prorektori J.Eltazarov kutib oldi. Tashrif davomida mehmonlar universitet faoliyati, shuningdek, “Ipak yo‘li” universiteti talabalarining aviatsiya yo‘nalishini o‘rganish istiqbollari bilan yaqindan tanishdilar. Rasmiy uchrashuv yakunida “The Luxaviation Group” kompaniyasi bosh direktori Patrik Xansen “Ipak yo‘li” universiteti kutubxona fondiga “The luxury of private aviation” kitobini sovg‘a qildi.
2022-yil 27-30-may kunlari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti 3-kurs talabasi Ahmedov Sardorbek Qirgʻiziston Respublikasi Oʻsh shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo va Afgʻonistonning transport va logistika aloqalari” mavzuidagi Xalqaro konferensiyada faol ishtirok etdi.
Xalqaro konferensiyadan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻrta Osiyo mamlakatlari yoshlari oʻrtasida transport va logistika haqida bilimlarini oshirish, yoshlar oʻrtasida oʻzaro aloqalar oʻrnatish va kelajakda birgalikda muhim loyihalarda ishlash, hozirda mavjud transport muammolarni aniqlash va ularga muqobil yechim berishga qaratilgan. Konferensiya xalqaro mutaxassislar tomonidan olib borildi va yoshlarga oʻz loyihalarini amalga oshirishda imkon yaratib berildi.
Quvonarlisi shuki, faol talabamiz Sardorbek Ahmedov 1000 nafar talabgorlar orasidan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tanlab olindi va talabamizning barcha harajatlari tashkilotchilar tomonidan qoblab berildi. Konferensiya yakunida Sardorbek Ahmedov “Eng faol ishtirokchi” deb tan olindi.
Xalq o‘yinlari yoshlarning jamiyatga qo‘shilishi, o‘ziga baho bera olishida asosiy vosita bo‘lgan. Biroq oxirgi o‘n yillikda bolalar o‘ynagan xalq o‘yinlari gadjetlarga ko‘chdi va ulardagi jismoniy faollik asta-sekin pasayib boryapti. O‘yinlar gadjetlarga ko‘chgani sabab yaqin kelajakda milliy o‘yinlarning tarixga aylanish ehtimoli yo‘q emas. Joriy yilning 2-iyun kuni “Ipak yo’li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “Event-219” guruhi talabalari va universitetning faol yosh o’qituvchisi Nazokat Hamidova tashabbusi bilan “Unutilayotgan milliy o‘yinlar” tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida talabalar «Oq terakmi – ko‘k terak», «Kim oladi-ya shuginani-ya?» kabi milliy oyinlarda talabalar katta zavq bilan guruhlar kesimida ishtirok etishdi.
Milliy o‘yinlarning ko‘p turi 2010-yildan keyin deyarli o‘ynalmay qo‘yilgan va ular kompyuter, telefonlarga ko‘chgan. O‘yinlar – yoshlarning ham aqlan, ham jismonan rivojlanishiga yordam beradi. O‘yin yoshlarni jamiyatga aralashtiradi. Uning jamiyatdagi o‘rnini topishiga sababchi bo‘ladi. Chunki o‘yinda yoshlar o‘yinboshi bo‘ladi, ishtirokchi bo‘ladi, unga jamiyat, dunyo haqida bilim beradi. Eng qizig‘i bu bilimlar yoshlarga majburan emas, ularda zavq uyg‘otib o‘rgatiladi. Tadbirning mohiyati ham shundan iborat.
Gadjetlardagi o‘yinlar tasavvurni, aqlni charxlashi mumkin, lekin kompyuter o‘yinlari, deyarli, harakatsiz o‘yinlardir. U yerda yoshlar faqat kuzatish bilan band bo‘ladi.
Bugun yaratilayotgan kompyuter o‘yinlari qayerdan yaratilayotgan bo‘lsa, oʻz asosini ham o‘sha xalqning folklori, adabiyoti, san’atidan oladi. Biz faqat iste’molchi bo‘lib qolmasligimiz kerak. Bizning ham oʻz san’atimiz, oʻz folklorimiz bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-96-son qaroriga asosan, 2022-yil 1-iyun kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida talabalar o‘rtasida navbatdagi, yubiley o'ninchi “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi. Eslatib oʻtamiz, “Zakovat” oʻyinlari har hafta oʻtkaziladi, barcha xohlovchi talabalar, oʻz jamoalarini yigʻib, ishtirok etishlari mumkin.
Bir bolakay poyafzalini dengizda yoʻqotib qoʻyibdi. Shunda sohilboʻyiga borib, “Dengiz – oʻgʻri!” deb yozib ketibdi.
Sal nariroqda esa baliqchining omadi chopibdi va juda ham koʻp baliq ovlabdi. Xursandchiligidan dengiz sohiliga “Dengiz - sahiy” deb yozib qoʻyibdi.
Yoshgina yigit dengizda choʻkib, vafot etibdi. Farzand dogʻida ado boʻlgan ona sohilga kelib, yigʻlab-yigʻlab “Dengiz - qotil” deb yozib ketibdi.
Keksa otaxon suv boʻyiga kelib, dengizdan juda koʻp durlar topib olibdi. Shunda u xursand boʻlib, dengiz sohiliga “Karomatli dengiz” deb yozib ketibdi.
Soʻngra dengiz toʻlqinlari sohilga yozilgan barcha yozuvlarni oʻchirib yuboribdi...
... Shunday ekan, boshqalarning gap-soʻzlariga parvo qilmang. Zero, har bir shaxs dunyoga oʻzining nazari bilan boqadi.
Joriy yilning 1-iyun kuni Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Bulent Bayram boshchiligida Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti vakillari “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar universitetning birinchi prorektori – prof. J. Eltazarov bilan rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Muzokaralar stolida universitetlar o‘rtasidagi aloqalarni va turli sohalarda o‘zaro manfaatli almashinuvni rivojlantirishning istiqbollari muhokama qilindi. Professor Bulent Bayram o‘zining shaxsiy kolleksiyasidan “Ipak yo‘li” universiteti kutubxona fondiga noyob kitoblarni sovg‘a qildi.
O‘z navbatida, birinchi prorektor prof. J.Eltazarov faxriy mehmonlarni universitetning turizm sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘quv va ilmiy faoliyati bilan tanishtirdi.
Ma’lumot uchun: Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti Turkiston davlat universiteti negizida 1991-yil 6-iyun kuni tashkil etilgan. Universitetda 6 ta ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud: turkologiya, ekologiya, arxeologiya, tabiiy fanlar, tibbiyot va Yevrosiyo. Universitetda 3 ta ilmiy va 2 ta axborot jurnali nashr etiladi: “Bilig” xalqaro ilmiy jurnali va “Turkologiya” ilmiy jurnali, shuningdek, “Olam xabarnomasi”, “Ayxaber” va “Elmaya” ijtimoiy-kognitiv jurnal.
Joriy yilning 1-iyun kuni Indoneziyaning Bandung pedagogika universiteti rektorati delegatsiyasi Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi – E.P. Sunario Kartadinata va elchixonaning elchi-maslahatchisi – Rofita Jamafar xonim bilan birgalikda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetiga tashrif buyurishdi.
Uchrashuv davomida janob E.P. Sunario Kartadinata “Ipak yo‘li” universiteti kutubxona fondiga ilmiy adabiyotlar va o‘quv qo‘llanmalar to‘plamini sovg‘a qildi. Taqdim etilgan kitoblar Indoneziyadagi turizm, madaniyat va urf-odatlarga oid soʻnggi tadqiqot ma’lumotlarini oʻz ichiga oladi.
Indoneziya elchixonasi vakillarining tashrifi chogʻida “Ipak yoʻli” xalqaro universiteti va Bandung pedagogika universitetining oʻquv, ilmiy va akademik faoliyatida axborot almashinuvi istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, oliy o‘quv yurtlari talabalari va tadqiqotchilari uchun zarur ma’lumotlarni to‘siqlarsiz olish imkonini beruvchi yuqorida qayd etilgan oliy o‘quv yurtlari kutubxonalar ma’lumotlaridan o‘zaro onlayn tarzda erkin foydalanish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Joriy yilning 31-may kuni “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti Xotin-qizlar kengashi raisi M.Abbasova tashabbusi bilan talabalar turar-joyida istiqomat qilayotgan yigitlar oʻrtasida “Oila va Vatan oldidagi masʼuliyatim” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda “Turizm menejmenti” fakulteti dekani R.Toshniyozova, psixolog D.Turdiyeva, universitet Yoshlar yetakchisi S.Haydarov, tyutor B.Allamurodov ishtirok etishdi.
Xotin-qizlar kengashi tomonidan talaba qizlar oʻrtasida doimiy ravishda oʻtkazib kelinayotgan yigʻilishlarning bu galgi mehmoni – universitetning barno yigitlari boʻlishdi. Bahs-munozara shaklida oʻtgan davra suhbati yigitlarning oʻz oʻy-kechinmalarini bildirish imkonini berdi va ularning nechogʻlik ilgʻor, teran va mustaqil fikrli ekanligini namoyon etdi. Ular “Vatan oldidagi burchimiz nimadan iborat?”, “Siz oilaviy hayotga tayyormisiz?”, “Oilada erkakning oʻrni qanday boʻlishi kerak?”, “Oila va nikoh tushunchalariga munosabatingiz”, “Oilaviy nizolar va ularning qanday turlarini bilasiz?”, “Hiyonat va sadoqat tushunchalarini izohlang” kabi savollariga javob berishdi.
M.Abbasova, R.Toshniyozova, S.Haydarov oʻz hayotiy tajribalaridan kelib chiqib, yigitlarga qimmatli maslahat va tavsiyalar berishdi. Oʻz navbatida, oila atalmish qurgʻonni qadrlash, avaylash, uni muqaddas sanash, masʼuliyatli boʻlishga chaqirishdi. D.Turdiyeva esa masʼuliyat tushunchasining psixologik aspektlari haqida toʻxtalib, uning inson hayoti, shaxs kamoloti uchun nechogʻlik muhim ekanligini tushuntirdi.
O‘zbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi tomonidan “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti kutubxonasiga noyob kitob va jurnallardan iborat yangi to‘plam sovg‘a qilindi.
Ushbu kitoblar Hindiston tarixi, madaniyati va turizmi hamda adabiyoti va me’morchiligiga bag‘ishlangan bo‘lib, ilmiy izlanish va o‘quv jarayonlarida professor-o‘qituvchi va talabalarimizga, shubhasiz, katta foyda keltiradi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri, “Ipak yo‘li” xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimov rahbarligida kutubxonaga qisqa vaqt ichida, turizm, san’at, tarix, arxeologiya, etnologiya, geosiyosat, iqtisod, madaniyatshunoslik, dinshunoslik, dizayn, haykaltaroshlik, me’morchilik, madaniy meros kabi sohalar dunyoning barcha burchaklarida nashr etilgan 20 mingga yaqin kitob yetkazib berildi.
Universitet kutubxona fondiga mamlakatimizning xorijdagi diplomatik muassasalari ham o‘zining bebaho hissasini qo‘shmoqda.
Joriy yilning 31-may kuni Shahzoda Uilyam okrugi (Virjiniya, AQSH) Turizm departamenti direktori Jon Xezer “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari uchun “Oʻzbekistonda agroturizm istiqbollari” mavzusida mehmon maʼruzasini oʻqidi.
Janob Jon Xezer o‘z nutqida Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID)ning O‘zbekistonda agrobiznesni rivojlantirish bo‘yicha loyihasining maqsadlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. 2021-yilda USAID O‘zbekistondagi xususiy agroturizm korxonalari o‘rtasida ichki va mintaqaviy turizmni rivojlantirish uchun konseptual ilovalar tanlovini e’lon qilgan edi. Tanlov yaqinda tashkil etilgan USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi bo‘lgan “Agrobiznesni rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan o‘tkazildi.
“Global miqyosda agroturizm qishloq taraqqiyoti uchun samarali vosita ekanligini isbotladi. Kichik qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun qo‘shimcha daromad manbai sifatida agroturizm qishloq infratuzilmasini yaxshilaydi va yangi ish o‘rinlarini yaratadi. Aholining qariyb yarmi qishloqlarda istiqomat qiluvchi agrar davlat bo‘lgan O‘zbekistonda agroturizm sektori katta salohiyatga ega va qishloq taraqqiyotining asosiy harakatlantiruvchilaridan biriga aylanishi mumkin”, — dedi janob Jon Xezer.
Ushbu ma’ruza talabalarga USAIDning agrobiznesni rivojlantirish loyihasi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
140104, O’zbekiston Respublikasi, Samarqand shahri, Universitet xiyoboni, 17
dummy+99866 240-67-68
dummy info@univ-silkroad.uz